Guruhlarni boshqarish - moderatorlik
Ta`limda guruh bo`lib ishlashning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Chunki amaliyotda: korxona va firmalarda ham xodimlar guruh bo`lib ishlashadi. Shu tufayli bolalarda guruh bo`lib ishlash ko`nikmasini boshlang`ich ta`limdayoq shakllantirishni boshlash kerak. Nazariy bilimlarni o`rgatishda ham, darsning amaliy qismida ham guruhlar ishini tashkil qilish mumkin. Jarayonda barcha o`quvchilar bir necha kichikroq o`quv guruhlariga taqsimlanadi va bu guruhlar mustaqil ishlaydilar. Kichik guruhlarning ish natijalari keyinroq butun guruh doirasida ishlatilishi mumkin.
Qanday vaziyatlarda kichik guruhlarni shakllantirish kerak?
Maxsus bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko`nikmalar o`rganilishi kerak bo`lganda, shuningdek o`quvchilarda guruh bo`lib ishlash qobiliyati rivojlantirilishi uchun qo`llaniladi.
Shuningdek:
Ijtimoiy kompetentsiyalar: guruhda ishlash qobiliyati, muloqot qobiliyati, o`z gapini o`tkaza olish, hamkorlik qobiliyati bu borada katta ahamiyatga ega bo`lgan qobiliyatlardir.
Bir necha insonlar birgalikda ishlagan paytda, ularning shaxsiy xususiyatlari va xarakterlari hamkorlikka ta`sir ko`rsatadi. Shuning uchun guruh bo`lib ishlashni tashkil qilish individual ishni tashkil qilishdan murakkabroqdir.
Guruhlarda ish vaziyatlari qanday qilib yaratilishi mumkin?
Guruh bo`lib ishlashda 2 ta holat farqlanadi:
- Bir xil mavzuda olib boriladigan guruh ishi;
- Har xil mavzuda olib boriladigan guruh ishi.
Bir xil mavzuda olib boriladigan guruh ishida tuzilgan bir necha guruhlar bir xil topshiriq oladilar. Topshiriq savollarini yechish sharoitlari ham bir xil bo`ladi.
Shunday qilib, har xil yechimlar guruh ishi tuguganidan so`ng bir-biri bilan taqqoslanishi mumkin. Ko`pincha bunday hollarda raqobat holati hosil bo`ladi, yechim topilish vaqtida esa raqiblikka o`xshash strukturalar vujudga keladi. Bu yerda muhim narsa shuki, guruh a`zolarining bilim-ko`nikmalari imkon qadar bir xil bo`lishi kerak.