Kun davomida bilimlarni oʼzlashtirish darajasi
Insonning jismoniy xususiyatlari ta`lim jarayoni uchun ham muhimdir. Maktablarda dars soatlarini fanlarning qiyin-osonligiga qarab joylashtirishda bolalarning o`zlashtirish bilan bog`liq jismoniy holati ham hisobga olinishi darslar samaradorligini oshiradi.
Inson tana a`zolarining faolligi tunu-kun, ya`ni 24 soat davomida o`ziga xos o`zgarishlarga uchraydi. Аyrim vaqtda ular natija berishga va tetiklikka, boshqa vaqtda esa uyqu va dam olishga qaratilgan bo`ladi. Bu biologik soatlar har bir insonda har xil bo`lishi mumkin. Kimdir "kunduz odami", kimdir" tun odami" ekanligi tabiiy. Biroq o`zlashtirishda ko`pchilik uchun umumiy bo`lgan faollik darajalari bor.
Tadqiqotlarga ko`ra:
- Ertalabki soat 7.00 dan so`ng insonda ish qobiliyati oshadi.
- Soat 9.00 dan 11.00 gacha "eng yuqori daraja", deb nomlangan optimal ish qobiliyati kuzatiladi.
- Taxminan soat 12.00-13.00 larda qobiliyat pasayadi.
- 14.00-15.00 larga borib, eng pastki darajaga tushadi-charchoqning aniq ifodalangan tashqi belgilari ko`rinadi (masalan, ishning sekinlashishi, xatolarni sezmaslik, esnash va h. k)
- Soat 15.00 dan keyin qobiliyat bir oz ko`tariladi, ammo tushlikkacha vaqtdagi holatga qaytmaydi va shu holatda soat 17.00dan 19.00gacha o`zgarmaydi.
- Ba`zilarda soat 20.00dan so`ng yana" yuqori faollik darajasi " paydo bo`ladi va u soat 22.00 gacha saqlanadi. Аmmo, bunday odamlar kamdan-kam.